Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov tashabbusiga ko’ra, viloyatda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo hamda havo haroratining 44–46 °C gacha ko‘tarilishi munosabati bilan aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiyot muassasalarida qulay sharoit yaratish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda Mirishkor tuman tibbiyot birlashmasiga bemorlar hamda tibbiyot xodimlari uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 20 dona konditsioner va 20 dona ventilyator yetkazib berildi.

Tuman hokimi Fayzullo G‘ulomov boshchiligida rahbarlar tibbiyot birlashmasida bo‘lib, ushbu sovutish moslamalarini topshirdi. Tashrif davomida rahbarlar davolanayotgan bemorlarning holidan xabar olib, ularga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi hamda tibbiyot xodimlarining mehnatini e’tirof etdi.

Shuningdek, hududlardagi tibbiyot muassasalariga ham 17 ta konditsioner yetkazib berildi.